• O'zbekiston Respublikasi Namangan viloyati Namangan shahar, Nodira ko'chasi 3-uy

Yangiliklar

2026-01-27

Namanganda qariyb 17 milliard so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Namangan viloyati hududiy birlashmasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini oshirish hamda sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish, ish faoliyatida tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ullarga qat’iy ogohlantirishlar berildi. Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida viloyatdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga jami 1 253 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 298 tasi yozma, 955 tasi og‘zaki bo‘lib, 288 ta murojaat elektron shaklda yuborilgan. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, tegishli choralar ko‘rilgan. Hududiy birlashma hamda tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan murojaatlar sohalar kesimida o‘rganilib, iste’molchilar manfaatlariga yetkazilgan 16 milliard 921 million 691 ming 836 so‘m miqdoridagi moddiy va ma’naviy zarar qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilar foydasiga undirib berilishi ta’minlandi. Yig‘ilishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlar ijrosi, amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar va loyihalar, murojaatlar hamda ularning yechimlari muhokama qilindi. Shuningdek, jamiyatlar faoliyatida erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. 2025-yilda erishilgan muhim yutuqlardan biri sifatida Namangan viloyati hududiy birlashmasi uchun yangi bino foydalanishga topshirilgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar — iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ishlarini yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy savodxonligi va iste’molchilik madaniyatini oshirish, murojaatlar bo‘yicha tezkor va adolatli yechimlarni ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tadbir yakunida 2025-yil yakunlari bo‘yicha eng namunali tuman va shahar jamiyatlari raislari federatsiya tomonidan rag‘batlantirildi hamda mukofotlar topshirildi.